TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. 23-yanvar kuni "O‘zbekiston temir yo‘llari" Toshkent-Andijon-Toshkent yo‘nalishida qatnovchi yo‘lovchi poyezdlari harakati vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar qilgan edi.
Kompaniya rasmiy saytida berilgan xabarda yo‘lovchi poyezd qatnoviga doir turli-mish-mishlarga e’tibor qaratmaslik so‘ralgan edi.
Ammo ushbu voqeaga nisbatan jamoatchilik qiziqishi tobora ortib bormoqda.
Bunga ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinayotgan fotosuratlar ham sabab bo‘lmoqda. Internet-saytlardagi fotosuratlarda Qamchiq dovonida poyezd vagonlari ag‘darilib yotgani aks etgan.
Eslatib o‘tamiz, 23-yanvar kuni RIA Novosti "Qamchiq" dovonida qor ko‘chikisi xavfi tufayli A-373 raqamli "Toshkent — O‘sh" trassasida qutqaruvchilar doimiy ravishda navbatchilik qilayotgani haqida xabar tarqatgan edi.
Shu bugunga kelib, nashr, 23-yanvar kuni Qamchiq dovonida zilzila tufayli ko‘chki sodir bo‘lgani va oqibatda "O‘zbekiston temir yo‘llari" poyezdi vagonlarining bir qismi ag‘darilgani haqida xabar qilgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi hodisa oqibatida hech kim jabr ko‘rmagani haqida ma’lum qildi, deb yozgan nashr.
Xabarda aytilishicha, ayni vaqtda hodisa sodir bo‘lgan joyda tiklash ishlari amalga oshirilmoqda.
Ushbu hodisa yuzasidan izoh olish uchun "O‘zbekiston Temir Yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati bilan bog‘landik.
Matbuot-xizmati vakili poyezd ag‘darilgani haqidagi gap-so‘zlar mish-mish ekanligini ma’lum qildi.