TOShKENT, 4 fev — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasiga tashrif buyurdi, deb xabar qilmoqda Prezident matbuot-xizmati.
Qabulxonaga kiraverishda Shavkat Mirziyoyevning "Insonlarning dardu tashvishlarini o‘ylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir", degan so‘zlari bitilgan.
Shavkat Mirziyoyev Xalq qabulxonasi faoliyati bilan tanishar ekan, uning tashkiliy jihatlariga yuqori baho berdi. Endi uni mazmunan boyitish, ichki madaniyatini mustahkamlash zarurligini alohida ta’kidladi.
"Toshkent shahrining salohiyati ham, aholi soni, odamlarning talabi ham boshqa joylardagidan yuqori. Ishni shunga muvofiq tashkil etish kerak. Bu maskan xalq manfaatlarini ta’minlaydigan, ishonchini qozonadigan dargoh, adolat zamini bo‘lsin", dedi davlat rahbari.
O‘zbekiston Prezidentining Toshkent shahridagi Xalq qabulxonasida ham fuqarolarning davlat organlariga murojaat qilishiga oid konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash uchun barcha qulaylik yaratilgan.
Aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, murojaatlarni ko‘rib chiqish va saqlash uchun zamonaviy shart-sharoitlar yaratilgan. Xodimlar, yosh bolali onalar, nogironlar va fuqarolar uchun barcha jihatlar e’tiborga olingan.