TOShKENT, 3 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishish doirasida Toshkent metropolitenining Sergeli yo‘nalishida olib borilayotgan qurilish ishlarini borib ko‘rdi. Bu haqda "Qalampir" sayti xabar qilmoqda.
Davlat rahbari qurilish ishlari bilan tanishar ekan, bu loyiha O‘zbekiston tarixida yagonaligini alohida ta’kidladi. Aholiga yanada qulaylik yaratish maqsadida bekatlar ustining yopiq bo‘lishi, poyezdlar qatnovida uzilishlar bo‘lmasligi kerakligini qayd etib o‘tdi.
Ma’lumot uchun, metropolitenning Sergeli yo‘nalishi avvalgilaridan farqli tarzda yer ustidan o‘tadi. Qurilish ishlari 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan mazkur yo‘nalishning uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etadi. U to‘liq ishga tushishi bilan bir yilda 14 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish mo‘ljallangan.
O‘zbekiston rahbari bugun shuningdek,poytaxtning Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va Muqimiy ko‘chalari kesishgan joyda qurilayotgan yo‘l o‘tkazgich bilan ham tanishdi.