TOShKENT, 2 fev — Sputnik. Tojikiston savdo-sanoat palatasida mart oyining oxirida O‘zbekiston sanoat korxonalarida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning Birinchi ko‘rgazma-yarmarkasini o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy masalalar muhokama qilindi. Bu haqda Tojikiston savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar qildi.
Uchrashuvda Tojikiston SSP raisi Sharif Said, "O‘zekspomarkaz" AJ boshqaruvi raisi Ibrohim Ergashev hamda jamiyat mutaxassislari, Toshkent viloyati SSP boshlig‘i Fayzullo Mamonov va O‘zbekistonning Dushanbedagi elchixonasi konsuli Sherzod Rahmatullayev ishtirok etdi.
Tojikiston SSP raisi ikki mamlakat korxonalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish muhimligini qayd etar ekan, ko‘rgazma doirasida tojik bozori va o‘zbek mahsulotlariga bo‘lgan talabni o‘rganish maqsadida mamlakatlar ishbilarmon doiralarining biznes forumini tashkil etishni taklif qildi. Sharif Saidning fikriga ko‘ra, biznes forum doirasida tojik-o‘zbek munosabatlarini yuqori bosqichga olib chiqish, tadbirkorlar o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshirish imkonini beruvchi o‘zaro manfaatli shartnomalar imzolanadi.
Uchrashuvdan so‘ng o‘zbekistonlik mehmonlar bo‘lajak ko‘rgazma o‘tkaziladigan joylarni ko‘zdan kechirishdi. Ko‘rgazmaning o‘tkazilish muddati va joyi haqidagi ma’lumot tez kunlarda taqdim etiladi.