Tadbirkorlarni Adliya vazirligi ro‘yxatga oladigan bo‘ldi

Obuna bo‘lish
Savdo-sanoat palatasining "yagona darcha" markazlari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi

TOShKENT, 2 fev — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorga imzo chekdi. Qaror matni O‘zbekiston Respublikasi hukumat portalida keltirilgan.

Qarorga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasining "yagona darcha" markazlari tuman (shahar) hokimliklari tuzilmasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tasarrufiga o‘tkaziladi. Banklar va kredit burolari, ularning filial va vakolatxonalaridan tashqari barcha tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish "yagona darcha" markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlar davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonida sansalorlik, burokratik to‘siqlar va rasmiyatchilik holatlari vujudga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikka, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo‘llash orqali ularning sifati va samaradorligini tubdan oshirishga qaratilgan.

Tadbirkorlikka to‘sqinlik qilish – davlat siyosatiga to‘sqinlik qilish deb baholanadi

Endilikda Adliya vazirligi tarkibida Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi negizida Davlat xizmatlari ko‘rsatishni muvofiqlashtirish va rivojlantirish boshqarmasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarida esa uning bo‘limlari tuziladi.

Qarorga ko‘ra, sohadagi muammolarni aniqlash, davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini takomillashtirish va tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishga doir takliflar ishlab chiqish va amaliy chora-tadbirlar ko‘rish, shu jumladan bunday chora-tadbirlarni joylarda xalq bilan bevosita muloqot o‘rnatish orqali ko‘rish maqsadida tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi.

Yangiliklar lentasi
0