TOShKENT, 1 fev — Sputnik. O‘zbekiston va Yaponiya diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 25-yilligini nishonlamoqda, deb xabar qildi "Jahon" axborot agentligi.
Ushbu yubiley munosabati bilan Tokioda brifing bo‘lib o‘tdi. Unda Yaponiya parlamenti deputatlari, hukumat vakillari, vazirlik va idoralar xodimlari, jamoat arboblari, olim va tadbirkorlar ishtirok etdilar.
Brifingda O‘zbekiston 2016-yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning yakunlari va 2017-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning ustuvor yo‘nalishlari haqidagi fikr almashildi.
Shuningdek, tadbir doirasida O‘zbekistonning sarmoyaviy salohiyati va xorijlik biznesmenlar uchun berilgan imtiyoz va qulayliklar taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
"Yaponiya — O‘zbekiston" Do‘stlik assotsiatsiyasi prezidenti Nobuxiko Shima Tokio O‘zbekistonni Yaponiyaning Markaziy Osiyodagi eng muhim va ishonchli sherigi deb bilishini va O‘zbekiston bilan hamkorlik Yaponiyaning mintaqadagi tashqi siyosatida ustuvor o‘rin tutishini aytib o‘tdi.
"O‘zbekiston o‘zining siyosiy, iqtisodiy va demografik salohiyati bilan Markaziy Osiyoda tinchlik va osoyishtalik ta’minlanishida favqulodda muhim o‘ringa ega. Shu bois O‘zbekiston bilan sheriklikni kengaytirish va chuqurlashtirishga Yaponiya alohida e’tibor qaratadi",- dedi Nobuxiko Shima.
O‘z navbatida, "Petroleum Commercial" Yaponiya milliy assotsiatsiyasi direktori, Yaponiyaning O‘zbekistondagi sobiq elchisi Fumixiko Kato ham O‘zbekistonda o‘tgan davrini iliq so‘zlar bilan esga oldi.
"O‘zbeklar diyoridagi faoliyatim davomida ko‘pgina sohalardagi barqaror rivojlanishga guvoh bo‘ldim. Meni, ayniqsa, mamlakatda hukm surayotgan millatlararo tinchlik va hamjihatlik o‘ziga maftun etadi", — dedi yapon diplomati.