TOShKENT, 31 yanv — Sputnik. O‘zbekiston boks federatsiyasi Butunjahon boks seriyasi (WSB) VII mavsumining birinchi bahsida ishtirok etadigan Uzbek Tigers jamoasi tarkibini e’lon qildi.
O‘zbek bokschilari 4-fevral kuni Xitoyning Sanya shahrida China Dragons jamoasiga qarshi ringga chiqishadi.
Xitoyga O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida Mironshoh Ibragimov (49 kggacha), Abdulhay Shorahmatov (56 kggacha), Yelnur Abduraimov (64 kggacha), Ulug‘bek Haqberdiyev (75 kggacha), Boburbek Yuldashev (91 kggacha) borishadi.
Murabbiylar shtabidan To‘lqin Qilichev va Rahmatjon Ro‘zioxunov joy olishdi. Jamoa shifokori Komiljon Rasulov. Ravshan Xodjayev hakamlar hay’atiga kirdi.
WSB musobaqalarida 12ta jamoa uchta guruhga bo‘lingan holda ishtirok etmoqda. O‘zbekiston jamoasi Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy bokschilari bilan bir guruhdan joy olgan.
O‘tgan yilgi mavsumdan boshlab o‘zbekistonlik yetakchi charm qo‘l qop ustalari Butun jahon boks seriyasida ilk bor ishtirok etishdi. Ilk mavsumda bokschilar yarim finalga yetib borgan holda, musobaqaning bo‘lajak chempionlari "Kuba Domadores"ga imkoniyatni boy berib qo‘ydilar.
WSBning barcha ishtirokchilarida o‘z yurti sharafini himoya qilib, to‘rt yillikning nufuzli musobaqasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritish imkoniyati mavjud. Har bir jang g‘olibi professional boksdagi kabi uchta hakam tomonidan qo‘yilgan ochkolar bo‘yicha aniqlanadi. Shuningdek, bunda nokaut, texnik nokaut yoki rad etish ham mumkin. Barcha janglar besh raunddan iborat bo‘lib, har bir raund 3 daqiqa davom etadi.