TOShKENT, 30 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatida bo‘lib, u yerda bir qator yo‘nalishlar bo‘yicha vaziyatni muhokama qilib, muhim ko‘rsatmalar berdi, deb xabar beradi Kun.uz.
Xabarda keltirilishicha, yangi ish o‘rinlarini yaratish, investitsiyalarni jalb qilish maqsadida Xorazm viloyatining Yangiariq, Qo‘shko‘pir, Hazorasp tumanlarida yangi yaratiladigan korxonalarni barcha turdagi soliq va to‘lovlardan (yagona ijtimoiy to‘lovdan tashqari) 2027-yilning 1-yanvarigacha, boshqa tumanlarda esa 2022-yilning 1-yanvarigacha ozod qilish ko‘zda tutilgan.
"Nima uchun bu ishlarni qilyapmiz? Oxirgi yillarda biz Xorazm viloyatida sanoatni rivojlantirishni ancha qo‘ldan boy berdik desak, adolatdan bo‘ladi. Hozir biz Hazoraspda erkin industrial zonamizni bu yilning o‘zida 25ta kelgusi 3-yilga rejalashtirilgan ishlarga qo‘l urdikki, Hazoraspda bir yilda 3000dan ortiq yoshlar kollejni bitiradi, ularni ishga joylashtirish kerak.
Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari, sizga katta topshiriq — sizlar ham yurishingiz kerak. Nazorat, talab qilish kerak, odamlarni ishontirish kerak, javobgarlikni bo‘yningizga olishingiz lozim. Sizda juda katta masala bu yerda — har kuni televizordan Koreya va Hindiston kinolarini ko‘rsatavermasdan, mana shu masalalarni aytish kerak: ey, uyg‘oninglar, shuncha imkoniyat berildi, amalga oshiringlar!
Vaqt shiddat bilan ketmoqda. Sanoat va qishloq qurilishlarida yangidan tashkil etiladigan ishlab chiqarish korxonalarida 47 000 dan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi. Dastur ijrosini ta’minlanishi viloyatda iqtisodiy o‘sishni 1,8 barobarga oshiradi", — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev", deyiladi xabarda.