TOShKENT, 27 yanv — Sputnik. Avtobuslar harakati onlayn kuzatiladi, deb xabar qildi Toshkent hokimligi matbuot-xizmati.
"Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik jamiyatining 2016-yil faoliyati yakunlari hamda 2017-yildagi rejalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida zamonaviy axborot-kommunikatsiya vositalarining tarmoqqa keng joriy etilayotgani poytaxt jamoat transporti faoliyati samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘layotgani qayd etildi.
Yo‘lovchilarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish hamda jamoat transportida GPS tizimining ishlashini takomillashtirish maqsadida "Tashbus" mobil ilovasi ishga tushirilgan. Android, Apple iOS dasturlarida ishlaydigan mazkur ilovani bugungi kunga qadar 80 mingdan ortiq foydalanuvchi o‘z telefoniga yuklab olganligi ta’kidlangan.