TOShKENT, 24 yanv — Sputnik. Ilgariroq, qirg‘iz-tojik chegarasida ikki davlat fuqarolari o‘rtasida mojaro yuz bergani, nizo toshbo‘ronga aylangani haqida xabar qilgan edik.
"Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara qo‘shinlari xodimlari qirg‘izistonlik deputatni chegarada fitna uyushtirganlikda ayblamoqda", — deb yozgan nashr.
Chegara qo‘shinlari vakili Muhammad Ulug‘xo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, mojaro Qirg‘izistondagi Ko‘k-tosh shaharchasi mahalliy kengashi deputati Roziya Usarova buyurtmasiga asosan amalga oshirilgan.
"Roziya Usarova bundan oldin ham bir necha marotaba chegara yaqinida uyushtirilgan fitnalar markazida bo‘lgan. Ayolning yagona maqsadi Tojikiston fuqarolarini chegaraga yaqin hududlardan So‘g‘d viloyati ichkarisiga "siqib" chiqarish yoki ularni Qirg‘iziston fuqaroligini qabul qilishga majburlashdan iborat", — deb ta’kidlagan Ulug‘xo‘jayev.
Tojikiston va Qirg‘iziston chegara hududlarida yashovchi aholi o‘rtasidagi og‘zaki urush, toshbo‘ron bilan yakunlangan. Vaziyat yanada o‘tkir tus olmasligi uchun ikki davlat hamkorlikda chegara postlarini tashkil qilishgan.
Tojikiston MXQ chegara qo‘shinlari ma’lumotiga ko‘ra, Isfaxor shahri Samoniyon jamoata Chorkuh aholi punktida futbol uchrashuvidan uyiga qaytayotgan uch nafar tojikistonlik bir guruh qirg‘izistonliklar tomonidan kaltaklangan.
Tojikistonliklar o‘z uylariga Qirg‘izistonning Ko‘k-Tosh qishlog‘i orqali o‘tishlari kerak bo‘lgan. Mojaro aynan shu hududda yuz bergan.
Tojik-qirg‘iz chegarasi davomiyligi 1000 kilometrga yaqinni tashkil qiladi. Sobiq Ittifoq barham topgach, ikki davlat o‘rtasidagi chegaraning anchagina qismi belgilanmay qolgan. Bu esa chegarada vaqti-vaqti bilan nizolar kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
So‘nggi uch yil davomida tojik-qirg‘iz chegarasida o‘nlab hodisalar yuz bergan, hatto, qurolli mojarolar ham bo‘lgan. Qirg‘iziston chegara xizmati raisi Mirbek Qosimqulovning so‘zlariga ko‘ra, 2016-yilda to‘qnashuvlar sonini 2 barobar qisqartirishga muvaffaq bo‘lingan.