TOShKENT, 23 yanv — Sputnik. 2017-yil 19-20 yanvar kunlari O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan yaqindan tanishish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurdi.
Davlat rahbari mazkur safari doirasida respublika xalq vakillari va faollari bilan uchrashdi. Unda qator dolzarb masalalar va muammolar muhokama qilindi, oshkora fikr almashildi, deb xabar beradi kun.uz.
Majlis chog‘ida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi kompleks rahbarlarining ushbu mintaqa bo‘yicha axboroti tinglandi, ularga zarur topshiriqlar berildi.
Mirziyoyev, shuningdek, Qoraqalpog‘istonning Qangliko‘l tumanini 4-yil mobaynida to‘liq chorvachilik bilan shug‘ullanadigan tumanga aylantirish xususida ko‘rsatma berganini yodga oldi va inson manfaatdor bo‘lmas ekan, ishlamasligiga urg‘u berdi.
"Odam daromad qilmasa ishlamaydi, 15 sentnerlik paxtadan qachon daromad bo‘ladi, hech qachon bo‘lmaydi, ikkinchidan, oxirgi o‘n yilda reja bajarilmayapti, 50 foizga ham bajarilmayapti, kimga kerak bunaqa tirikchilik?", — dedi kuyunchaklik bilan prezident.
Shu bilan birga, Mirziyoyevga ko‘ra, hozirgi kundagi eng katta masala, nima ekish va uning bozorini topishdir.
"Umuman, qizilmiya bo‘yicha men bugun topshiriq berdim, plantatsiya qilish kerak, albatta, qiyin narsa, lekin hayotimiz shu bilan bog‘liq, hozir butun dunyoda shunga talab bor, nimani kutib o‘tiramiz, Qoraqalpog‘istonda, Xudoga ming marta shukr, 65 ming gektar zaxira yeri turibdi. Bu shu respublikaning kelajakdagi boyligi, kerak bo‘lsa", — degan Shavkat Mirziyoyev.