TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Samarqand viloyati hokimligida Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda "Jahon" axborot agentligi.
"2017-2019 yillarga mo‘ljallangan chiqindilarni qayta ishlash loyihasi jahondagi eng ilg‘or tajribalarni o‘zig mujassamlashtirgan bo‘lib, u uzoq muddatli yaxlit boshqarish tizimini yaratishga qaratilgan. Loyiha o‘z ichiga chiqindilarni yig‘ish, qayta ishlash va utilizatsiya qilish jarayonlarini qamrab olgan", — dedi FTAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Rafael Jozan.
Taqdimotda mazkur loyiha Samarqand shahrida ekologik va sanitar-epidemiologik holatni barqarorlashtirish, atrof-muhit musaffoligini ta’minlash, qattiq maishiy chiqindilarni yig‘ish, qayta ishlash va ulardan samarali foydalanishga qaratilgani alohida ta’kidlab o‘tildi.
Jumladan, loyiha doirasida 200ga yaqin chiqindi yig‘ish punkti qurish va ta’mirlash, 70ta chiqindi jamlash transporti xarid qilish, qattiq maishiy chiqindilarni turlarga ajratish va ularni ko‘mish markazlarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, loyiha doirasida qattiq maishiy chiqindilarni texnik ko‘mish markazidan biogaz ishlab chiqaruvchi bioreaktor sifatida foydalanilib, olingan gaz chiqindilarini yig‘ish transportlariga quyish ko‘zda tutilgan.
O‘zining innovatsion jihatlariga ko‘ra, mazkur loyiha Markaziy Osiyo mintaqasida birinchi hisoblanadi.
Taqdimotdan so‘ng fransiyalik mehmonlar va hamkor tashkilotlar vakillari loyiha amalga oshiriladigan hudud, shahardagi chiqindi yig‘ishga ixtisoslashgan korxonalar va chiqindi yig‘ish punktlari faoliyati bilan tanishdi.
Loyiha Fransiya taraqqiyot agentligi, "Naldeo" kompaniyasi va "Ta’mirloyiha" loyiha instituti tomonidan ishlab chiqilgan. Texnik va iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ko‘ra, loyihaning umumiy qiymati 37,1 million yevro bo‘lib, uning 23,5 millioni Fransiya taraqqiyot agentligi krediti hisoblanadi.
Taqdimot marosimida viloyati hokimi o‘rinbosari O.Ochilov, Fransiyaaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Violen Biyet de Vilmor xonimlar ishtirok etishdi.
Taqdimotdan so‘ng fransiyalik mehmonlar va hamkor tashkilotlar vakillari loyiha amalga oshiriladigan hudud, shahardagi chiqindi yig‘ishga ixtisoslashgan korxonalar va chiqindi yig‘ish punktlari faoliyati bilan tanishdi.