TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Markaziy Osiyo fuqarolari so‘nggi vaqtlarda ikkinchi bor Turkiyadagi teraktlarga aloqador bo‘lib chiqmoqda, deb yozadi Sputnik Tojikiston nashri. Otaturk nomidagi xalqaro aeroportdagi hujum chechen, qirg‘iz va o‘zbek tomonidan amalga oshirilgan edi. Ular "ID" safida tayyorgarlik o‘tashgani ma’lum qilingandi.
Endilikda esa, Yangi yil oqshomida Turkiyadagi Reina tungi klubiga hujum uyushtirgan ham O‘zbekiston fuqarosi bo‘lib chiqdi, deb yozadi nashr.
Maqolada mintaqada vaziyatni barqarorlashtirish uchun Markaziy Osiyo mamlakatlari birinchi navbatda ta’lim tizimini tubdan yaxshilash kerakligi haqida so‘z boradi.
"Malakaga muhtoj murabbiylar, eskirgan darsliklar, korrupsiya va pedagoglar oyligining pastligi — hukumat mana shularga qarshi kurashishi darkor. Chunki yaxshi ta’lim olmagan yoshlar professional yollovchilar uchun oson o‘ljaga aylanadi", — deyiladi maqolada.
"Markaziy-Osiyo mintaqasi rahbarlari o‘z xalqining halokat yoqasida turganini inkor qilar ekan, mintaqa fuqarolari "ID" safini to‘ldirishda va chet mamlakatlarda teraktlar sodir etishda davom etaveradi. Bu haqda Istanbul aholisidan so‘rang", — deb yozgan NI.