TOShKENT, 21 yanv — Sputnik. Istanbuldagi tungi klubga hujum uyushtirgan o‘zbekistonlik Abdulqodir Masharipov amalga oshirgan ishidan pushaymon emasligini bildirdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti Turkiyaning Hurriyet gazetasiga tayangan holda.
Seshanba kuni Turkiya hukumati terrorchining qo‘lga olingani haqida xabarni e’lon qilgan edi.
Hurriyet gazetasida keltirilgan iqtibosga ko‘ra, Masharipov "Men bu ishni yana amalga oshirgan bo‘lardim", deb aytgan.
Terrorchi tungi klubga hujum uyushtirish haqidagi buyruqni Suriyaning Rakki shahridagi "amiri"dan smartfon orqali olganligini aytgan.
Nashr xabariga ko‘ra, Masharipov sheriklari qo‘lida bo‘lgan to‘rt yashar o‘g‘lini topishga yordam berishsa, Turkiya hukumatiga "ID" bilan aloqalari haqida ko‘proq ma’lumot aytishga tayyorligini bildirgan.