TOShKENT, 20 yanv — Sputnik. Rossiya Federatsiyasining R.Savchenko ismli fuqarosi Samarqandlik qizlarni fohishalikka sotmoqchi bo‘lgan, deb xabar qilgan "Zarafshon" nashri.
Rossiyaning Razan viloyatida yuqori haq to‘lanuvchi ofitsiantlik, sotuvchi-konsultantlik ishlari borligini aytgan Savchenko yolg‘on va’dalar bilan qizlarni o‘ziga og‘dira boshlaydi. Bu taklifga uch nafar yosh qiz xayrixohlik ko‘rsatadi.
"Mehmon" transport xarajatlarini o‘z zimmasiga oladi va qizlarga ular kelajakda bu pullarni ishlab qaytarishlarini aytadi.
Nashrda yozilishicha, Samarqand huquq-tartibot organlari xodimlarining tezkor tadbiri tufayli bu jinoyat tezda fosh etilgan. Samarqand xalqaro aeroportida qizlarni Rossiyaga jo‘natayotgan R.Savchenko qo‘lga olingan. Mazkur jinoyatda sherik bo‘lgan Z.Bahodirova ham ushlangan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan ushbu kimsalarga nisbatan hukm o‘qilgan va tegishli jazo tayinlangan.