TOShKENT, 18 yanv — Sputnik. Politsiya Masharipovni topish mumkin bo‘lgan beshta manzilni ko‘zdan kechirdi va u ana shu manzillardan biridan topildi, deb xabar bermoqda Sputnik Turkiye.
U yashagan xonadonda jurnalistlarga rus alifbosining turkcha transkripsiyasi bitilgan varaq ko‘rsatildi. Varaqda shuningdek, rus tilida: "Xadija, men seni sevaman", "Axmed", "Dina" va "Love" so‘zlari ham yozilgan.
Yana bir qog‘oz parchasida esa turk tilida: "Dina, men seni sevaman" va "Sen telbasan" degan so‘zlar bitilgan.
Matbuot vakillari xonadonda televizor yo‘qligiga e’tibor qaratishdi. Xonadonda divanlar, ikkita karavot, muzlatgich, kir mashinasi va kichik javon bor edi.
Uy ichida ko‘plab bo‘shagan tuxum qutilari, yog‘ va suv idishlari yotardi. Bundan esa mahsulotlar ko‘chaga kamroq chiqish uchun ko‘p miqdorda sotib olingan deb xulosa qilish mumkin.
Qo‘shnilarning aytishlaricha, Masharipov so‘nggi uch kun davomida ko‘chaga chiqmagan, harqalay uni hech kim ko‘rmagan.
Politsiyaning ma’lumot berishicha, xonadonda u bilan birga to‘rt yoshli o‘g‘li ham yashagan. Ayni paytda bola turk hukumati himoyasida. Uning bir yarim yoshli qizi onasi bilan bo‘lib, ular Istanbulning tumanlaridan birida hibsga olingan.
Masharipov bilan birgalikda iroqlik erkak va Senegal, Misr va Somalidan bo‘lgan uch ayol hibsga olingan. Senegallik 27 yoshli ayolning ismi Dina bo‘lib, sevgi maktubi aftidan unga atalgan.
Istanbuldagi Reina tungi klubiga Yangi yil oqshomida qurolli hujum uyushtirilgan. Kalashnikov avtomati bilan qurollangan terrorchi klubni qo‘riqlayotgan politsiyachini otib o‘ldirgan va klubdagi odamlarga qarata o‘t ochgan. Turkiya IIV ma’lumotlariga muvofiq, ushbu terakt oqibatida 39 kishi halok bo‘lgan, 69 nafar shaxs yaralangan. Reyter agentligi "Islom davlati" terrorchilik uyushmasi ushbu terakt uchun javobgarlikni o‘z bo‘yniga olganligini xabar qilgan edi.