TOSHKENT, 17 yanv — Sputnik. Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hokimlar va hokimliklar xodimlarining ish haqi oshirilgani haqida 2016 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yakunlari va 2017 yilga moʻljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida maʼlum qildi.
Prezident, bundan tashqari, barcha viloyat, shahar va tuman hokimliklarida hokimning iqtisodiy islohotlar va tadbirkorlik masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari, shuningdek, yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari lavozimlari joriy etilganini aytib oʻtdi.
Maʼlumotlarga koʻra, axborot-tahlil guruhlari kuchaytirilgan. Chegaraga yaqin 80 ta tumanda hokimning maxsus yordamchisi lavozimi kiritildi. Jami 739 ta qoʻshimcha shtat tashkil etilgan.