TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. Joriy yilning 1-fevralidan boshlab Qonunchilik palatasi Spikeri — Nuriddinjon Mo‘ydinxonovich Ismoilov va Senat Raisi — Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev ham joylarga chiqib, mavjud ahvolni shaxsan o‘rganish asosida aholining eng muhim ehtiyojlarini hal etishda amaliy yordam ko‘rsatishadi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida aytib o‘tdi, deb xabar beradi Podrobno.UZ.
Mamlakat prezidenti O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, har bir tuman va shahardagi Xalq qabulxonalari, O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Virtual qabulxonasi faoliyatini samarali tashkil etishni ta’minlashni talab qildi.
Davlat rahbari shuningdek, bundan buyon agar arizachi olgan javob xatidagi o‘z qonuniy muammosi yechimidan qanoat hosil qilmasa, bunday murojaat nazoratdan olinmasligini ma’lum qildi.
"Ana shu ishlarning bosh maqsadi — fuqarolarning qonuniy murojaatlarini qisqa muddatda sinchiklab ko‘rib chiqishni va hal etishni ta’minlashdir. Bu borada raqamlar va silliq hisobotlarning orqasidan quvib, navbatdagi kampaniyabozlikni uyushtirish kerak emas. Buni xalq hech qachon kechirmaydi!", deya ta’kidladi prezident.