TOShKENT, 16 yanv — Sputnik. 14-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasining kengaytirilgan majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev mutasaddi vazirlik va tashkilot rahbarlarining faoliyatlariga tanqidiy baho berdi.
Jumladan, davlat rahbari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Geologiya, yoqilg‘i-energetika kompleksi, kimyo, neft-kimyo va metallurgiya sanoati masalalari kompleksi rahbari G‘ulomjon Ibragimovdan qator muammolar bo‘yicha izoh talab qildi.
"Nima sababdan, G‘ulom Inomovich, siz ilgari o‘zingiz rahbarlik qilgan «O‘zkimosanoat» aksiyadorlik jamiyati tizimidagi ishlar ahvoliga sustkashlik bilan yondashapsiz? Nima sababdan ushbu tarmoqdagi ishlar doimiy ravishda izdan chiqmoqda? Qishloq xo‘jaligiga fosforli o‘g‘itlarni to‘liq yetkazib bermaslik va ularning tanqisligi uchun shaxsan kim javob beradi? Oxirgi 10-yilda mineral o‘g‘itlarning narxi necha barobar o‘sgan?
Tabiiy savol tug‘iladi: o‘g‘itning tannarxi necha marta kamaygan? Afsuski, bunday haqli savollarga javob yo‘q. Bundan kim zarar ko‘rapti? Albatta, dehqon va fermerlarimiz", dedi prezident.
Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, "O‘zbekenergo" AJning bugungi faoliyatini qoniqarsiz deb baholadi.
"O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyatida 67 ming kishi, jumladan, qo‘shtirnoq ichidagi "pul yig‘uvchi"lar mavjud bo‘lsa-da, nima sababdan ulkan debitor qarzdorlikning tagiga yetib bo‘lmaydi? Ko‘mir qazib olish tarmog‘i, ta’bir joiz bo‘lsa, "yonboshlaganicha yotibdi".
Sizga uch yil oldin xodimlar shtati haddan tashqari kengayib ketgan, jumladan, qarindoshchilik asosida ishga olish va juda yuqori ish haqi belgilash avj olgan o‘nlab loyiha guruhlari faoliyatini puxta o‘rganib chiqib, tartibga solish topshirilgan edi. Nima uchun topshiriqni oxirigacha bajarmadingiz?
Siz va sizga bo‘ysunuvchi rahbarlardan bugun ana shu savollarga javob berishingizni talab qilaman", dedi prezident.