TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. 2017-yilning 10-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida Fanlar akademiyasining prezidentini saylashga bag‘ishlangan umumiy majlis bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda kun.uz nashri.
Ta’kidlanishicha, majlisda Fanlar akademiyasi akademiklari, direktorlar kengashi a’zolari ishtirok etdilar. Umumiy majlis ishida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov ishtirok etgan va nutq so‘zlagan.
Shuningdek, ular O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentligiga saylash uchun akademik B.S.Yuldoshevning nomzodini qo‘llab-quvvatlashdi.
"Akademik Yuldoshev Behzod Sodiqovich navbatdagi muddatga Fanlar akademiyasining prezidenti etib saylandi", — deyilgan xabarda.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevga murojaat qabul qilindi.
Behzod Yuldashev (1945 yilda tug‘ilgan) – fizika-matematika fanlari doktori. 2000-2005 yillarda ham Fanlar akademiyasini boshqargan. FA yadro fizikasi Instituti direktori bo‘lib ishlagan. Oliy Majlis Senati a’zosi bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Fanlar akademiyasini 2006-yilning martidan biologiya fanlari doktori, akademik Shavkat Solihov boshqarib kelgan.