TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Sevara Nazarxon Qora dengizga qulagan Tu-154 yo‘lovchilari xotirasi uchun qo‘shiq kuyladi, deb xabar qilgan Novosti Uzbekistana nashri.
Sevara Nazarxon "Tam net menya" qo‘shig‘ini Aleksandrov nomidagi ashula va raqs ansamblining maktab-studiyasiga qatnovchi bolalar bilan birga kuyladi.
Qo‘shiq videosi "NTV"ning Facebookdagi sahifasida e’lon qilingan: videoga 10 ming martadan ko‘proq layk qo‘yilgan va munosabat bildirilgan, 7 ming martadan ortiq ulashilgan, 500 ga yaqin kommentariylar qoldirilgan. Aksariyat foydalanuvchilar qo‘shiq uchun Sevara Nazarxonga minnatdorchilik bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, 2016-yil 25-dekabr kuni Sochi shahridan ko‘tarilgan Tu-154 samolyoti havoga ko‘tarilganidan 70 soniya o‘tib Qora dengizga qulagan edi. Aviahalokat oqibatida samolyot bortida bo‘lgan 92 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Yo‘lovchilarning aksariyati Rossiya armiyasining Aleksandrov nomidagi ashula va raqs ansambli a’zolari edi. Ular rossiyalik harbiylarga Yangi yil konserti taqdim etish uchun Suriyaga uchib ketayotgan edi.