TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Ushbu ma’lumotlar O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasining Toshkentda bo‘lib o‘tgan, yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida e’lon qilindi.
O‘zbekiston qizlar jamoasining Osiyo Kubogida ishtiroki etib Hindiston, Xitoy va Eron kabi kuchli jamoalar orasida kumush medallarga sazovor bo‘lgani – Federatsiyaning katta yutuqlaridan biri bo‘ldi.
Shuningdek, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ham xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etishdi.
Mongoliyada bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston jamoasi 10 medal sohibi bo‘lib umumjamoa hisobida 3 o‘rinni egalladi.Erondagi Osiyo chempionatida esa O‘zbekiston jamoasi 7 oltin, 2 kumush va 2 bronza medaliga sazovor bo‘lishdi.
Sochida maktab o‘quvchilari orasida bo‘lib o‘tgan xalqaro turnirda O‘zbekistonlik shaxmatchilar 36,5 ball to‘plab, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashdi.
Respublika ichida o‘ttizga yaqin turli musobaqa va chempionatlar bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekistonda Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan X — «Tashkent open» turniri, Jahon yulduzlari, Osiyo qizlar chempionati kabi xalqaro turnirlari ham bo‘lib o‘tdi.