TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda ma’muriy qamoqni o‘tayotganlarga nisbatan nazorat va tekshiruvning texnik vositalari qo‘llaniladi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "Ma’muriy qamoqni o‘tash tartibi to‘g‘risida"gi qonunga imzo chekdi, deb xabar beradi RIA Novosti.
Hujjatga muvofiq, maxsus qabulxonalarda jinoyatlar va boshqa huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish uchun "nazorat va tekshiruvning audiovizual, elektron vositalaridan va boshqa texnik vositalaridan foydalaniladi, ushbu vositalarning ro‘yxati hamda ulardan foydalanish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan belgilanadi".
Qonunda ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni saqlash joylari, ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarning huquqiy holati asoslari, ularning moddiy-maishiy va tibbiy-sanitariya ta’minoti, ularning majburiyatlari, maxsus qabulxona ma’muriyati va xodimlarining huquqlari hamda majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Bildirilishicha, mazkur qonun ikki yildan so‘ng kuchga kiradi. Bu davr ichida uni bajarish uchun kerakli moddiy-texnika bazasi yaratiladi.
O‘zbekistonda ma’muriy qamoqqa olish uch sutkadan o‘n besh sutkagacha, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa jamoat tartibiga tajovuz qilganligi uchun o‘ttiz sutkagacha bo‘lgan muddatga qo‘llaniladi.
Respublika qonunchiligiga muvofiq, homilador ayollar, uch yoshga to‘lmagan farzandi bor ayollar, 18 yoshga kirmaganlar, birinchi va ikkinchi guruh nogironlarga nisbatan ma’muriy qamoqqa olish jazosi qo‘llanilmaydi.