Onasidan tortib olingan go‘dak ona bag‘riga qachon qaytadi?

© nuz.uzNilufar Mamasaidovaning qizi
Nilufar Mamasaidovaning qizi - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Hozirda Nilufarning advokati Bahrom Ismoilov barcha hujjatlarni tayyorlagan bo‘lib, bugun mazkur holat yuzasidan prokuraturaga murojaat qiladi

TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. O‘zbekistonlik Nilufar Mamasaidovaning politsiya tomonidan olib qo‘yilgan 1 yoshli farzandi 12 kundan beri ona mehridan mosuvo bo‘lgan holda kasalxonada yotibdi. Bu haqda Nilufar Mamasaidovaning advokati Bahrom Ismoilov Sputnik O‘zbekiston muxbiri bilan suhbatda aytdi.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, politsiya xodimlari ayolning farzandini "ota-onasi yo‘q qarovsiz bola" sifatida dalolatnoma tuzib, shifokorlarga topshirishgan.

Shifokorlar dastlab Nilufarga hujjatlar bilan kelsa bolani ko‘rsatishlarini aytishgan, lekin ayol elchixona bergan hujjat bilan kasalxonaga kelganida unga bolani ko‘rsatishni rad etishgan.

Voqeadan to‘liq xabardor mustaqil jurnalist Sohiba Hayitboyeva bilan bog‘langanimizda u qizchaning emizikli ekanligini, o‘n ikki kundan buyon onasi parvarishiga muhtojligini va bu go‘dakka salbiy ta’sir qilishini bildirdi.

Nilufar Mamasaidova qizi bilan - Sputnik O‘zbekiston
O‘zbekiston elchixonasi qizi tortib olingan ayolga yordam bermoqda

Sohiba Hayitboyevaning ma’lum qilishicha, ular bolaning ahvolidan xabar olish uchun hattoki taniqli vrach Farida Buranova bilan birga kasalxonaga kelishgan, biroq kasalxonadagilar vrachga ham bolani ko‘rishga ruxsat berishmagan.

"Elchixonamiz bir kunda kerakli hujjatlarni tayyorlab berdi. Ular bu holat bilan jiddiy shug‘ullanishmoqda, — dedi jurnalist. — Nilufarning turmush o‘rtog‘i bilan bog‘landik. U ham ruhan tushkunlikda, Rossiyaga kelib vaziyatga oydinlik kiritay desa, bu mamlakatga kirish huquqi yo‘q, boisi deportatsiya qilingan.

Farzand ularga tegishli ekanligini isbotlovchi har qanday dalilni jo‘natishga tayyor. Nahotki farzandning onasini aniqlash shunchalar qiyin bo‘lsa. Nilufar menga telefonida bolasi bilan tushgan suratlarni ko‘rsatdi. Bu isbot emasmi? DNK tekshiruvi o‘tkazib ham aniqlash mumkin".

Sohiba Hayitboyevaning aytishicha, o‘sha kuni Nilufar qizchasining burni oqib qolgani uchun kasalxonaga bormoqchi bo‘lgan, lekin hujjatlari o‘g‘irlangani bois kasalxonaga emas, politsiyaga murojaat qilgan. Politsiya mahkamasidagilar esa uning farzandini tez yordam chaqirib kasalxonaga jo‘natib yuborishgan, o‘zini esa xonaga qamab qo‘yib uch kun saqlab turishgan.

Hozirda Nilufarning advokati Bahrom Ismoilov barcha hujjatlarni tayyorlagan bo‘lib, bugun mazkur holat yuzasidan Kunsevo tumani prokuraturasiga murojaat qiladi.

Jurnalistning aytishicha, eng katta muammo ayni kunlarda Rossiyada bayram ta’tili bo‘lganligi sababli aksariyat muassasalar ishlamayapti va ayrim hujjatlarni olish kechikmoqda.

Nilufar Mamasaidovaning ahvoli ham yaxshi emas. Sovuq xonada uch kun qolib ketgani, farzandini emizmagani bois o‘zini yomon his qilmoqda. U ayni paytda Sohiba Hayitboyeva xonadonida.

Sputnik O‘zbekiston voqealar rivojini kuzatib boradi va xabardor etadi.

Yangiliklar lentasi
0