TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi shahar politsiyachilari tomonidan bir yoshlik qizi tortib olingan Nilufar Mamasaidovaning shaxsiy ma’lumotlarini tasdiqladi. Bu haqda ayolga huquqiy yordam ko‘rsatayotgan Bahrom Ismoilov o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
"O‘zbekiston Respublikasi elchixonasi xodimlariga insoniyliklari uchun katta rahmat!", deb yozadi u sahifasida.
Avvalroq Moskva shahar Kunsevo TIIB xodimlari o‘zbekistonlik Nilufar Mamasaidovaning bir yoshli qizini tortib olishgani haqida xabar berilgandi.
Asli andijonlik bo‘lgan Nilufar ikki yildan buyon Moskvada yashaydi. Uning farzandi Rossiyada tug‘ilgan. Qizi tug‘ilganidan so‘ng Nilufarning turmush o‘rtog‘i deportatsiya qilingan.
2016 yilning 25-dekabr kuni Nilufar hujjatlari yo‘qolganligini bilgan. Shu kunning o‘zida Nilufar Kunsevo tumani IIBga hujjatlari o‘g‘irlangani yuzasidan murojaat qilgan. Tuman IIB xodimlari Nilufar Mamasaidovaga yordam berish o‘rniga bolaning ayolga tegishli ekaniga oid hujjatlar yo‘qligini ro‘kach qilishib, uning qizini tortib olishgan va ayolning o‘zini uch kunga tergov izolyatoriga joylashtirishgan.
Ayni paytda bir yoshli qizcha Moskvadagi 1-shahar yuqumli kasalliklar shifoxonasida yotibdi.