TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Rossiya prezidenti huzuridagi bola huquqlari bo‘yicha ombudsmen Anna Kuznetsova politsiya xodimlari olib qo‘ygan O‘zbekiston fuqarosining bir yoshli farzandini onasiga qaytarish uchun barcha sharoitlar yaratilishi darkor, deb hisoblaydi, RIA Novostiga asosan.
"Bolani tortib olish — uning hayoti va salomatligiga tahdid paydo bo‘lganda ko‘riladigan eng so‘nggi chora. Hozir onaga qizi bilan ko‘rishish uchun yordam berish kerak, farzandning onasiga qaytarilishi uchun barcha sharoitlarni yaratish darkor", — dedi Kuznetsova RIA Novostiga.
"Yuristlarimiz Nilufarning advokati bilan aloqada bo‘lib turishibdi. Qizchani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joylashtirishgan. Hujjatlar tayyor bo‘lishi bilan ona farzandini ko‘rishi mumkin", — dedi Kuznetsova.
O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi Nilufar Mamasaidovaning shaxsiy ma’lumotlarini tasdiqladi.
"Moskvadagi O‘zbekiston elchixonasining konsullik bo‘limi Mamasaidovaning pasport ma’lumotlarini tasdiqlovchi ma’lumotnomani berdi", — deb xabar qildi Mamasaidovaning advokati Bahrom Ismoilov.
Eslatib o‘tamiz, asli andijonlik bo‘lgan Nilufar ikki yildan buyon Moskvada yashaydi. Uning farzandi Rossiyada tug‘ilgan. Qizi tug‘ilganidan so‘ng Nilufarning turmush o‘rtog‘i deportatsiya qilingan.
2016 yilning 25-dekabr kuni Nilufar hujjatlari yo‘qolganligini bilgan. Shu kunning o‘zida Nilufar Kunsevo tumani IIBga hujjatlari o‘g‘irlangani yuzasidan murojaat qilgan. Tuman IIB xodimlari Nilufar Mamasaidovaga yordam berish o‘rniga bolaning ayolga tegishli ekaniga oid hujjatlar yo‘qligini ro‘kach qilishib, uning qizini tortib olishgan va ayolning o‘zini uch kunga tergov izolyatoriga joylashtirishgan.