TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. O‘zbekiston Moliya vazirligining ma’lum qilishicha, Toshkent shahrining Sergeli tumanidagi yerusti metrosi qurilishiga 170,1 million dollar mablag‘ sarflanadi.
Loyiha yaqin to‘rt yil ichida amalga oshirilishi va 2020-yilda yakuniga yetkazilishi rejalashtirilgan. Uni moliyalashtirish uchun davlat budjeti markazlashgan investitsiyalari hisobidan 70,1 million dollar, respublika rekonstruksiya va taraqqiyot fondining 35,1 million dollar miqdoridagi mablag‘i ajratilgan. Shu bilan birga hukumat metro qurilishi uchun boshqa manbalar hisobidan 64,9 million dollar jalb etadi.
Loyiha doirasida xorijdan uskuna, xomashyo, butlovchi mahsulotlar, pudratchi qurilish tashkilotlari uchun qurilma va texnika sotib olinadi.
Hukumat mazkur loyiha ishtirokchilarini 2020-yilning 1-yanvariga qadar respublikada ishlab chiqarilmaydigan maxsus transport vositalari, yo‘l qurilish texnikasi, mashina, mexanizm, uskuna, xom ashyo, ehtiyot qismlar, butlovchi qismlar va boshqa jihozlarni olib kirganlik uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etdi.
Eslatib o‘tamiz, yangi metro yo‘lining uzunligi 7,1 kilometrni tashkil etadi. Metro olti stansiyadan iborat bo‘ladi hamda yerdan olti metr balandlikda bunyod etiladi.