TOShKENT, 4 yanv — Sputnik. Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘lining ikkita qo‘shimcha bekati 2019-yilgacha qurib bitkaziladi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri. Bu haqda Moliya vazirligi saytida e’lon qilingan "Toshkent metropoliteni Yunusobod yo‘li qurilishining ikkinchi bosqichi" loyihasini amalga oshirish choralari to‘g‘risida»gi qarorda belgilangan.
Yunusobod yo‘nalishini uzaytirish ishlari "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ tomonidan amalga oshiriladi.
Loyihani amalga oshirish uchun 6,91 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. Ayni paytda uning 124,8 million dollar ekvivalentidagi qismini moliyalashtirish manbalari aniqlangan. Undan 72 million dollari 2017-2020 yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturi doirasida ko‘zda tutilgan davlat budjeti mablag‘lari hisobidan markazlashgan investitsiya hisobidan bo‘ladi. Mablag‘ har yili teng ulushda ajratiladi.
Qolgan 52,8 million dollar mablag‘ esa O‘zbekiston rekonstruksiya va taraqqiyot fondi krediti hisobidan ajratiladi.
Shu bilan birga mazkur loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi tashkilot va pudratchilar hamda boshqa qatnashchilarga qator bojxona va soliq imtiyozlari berildi. Ular 2020-yilning 1-yanvariga qadar respublikada ishlab chiqarilmaydigan maxsus transport vositalari, yo‘l qurilish texnikasi, mashina, mexanizm, uskuna, xom ashyo, ehtiyot qismlar, butlovchi qismlar va boshqa jihozlarni olib kirganlik uchun bojxona to‘lovlaridan ozod etiladi.
Toshkent metrosining Yunusobod yo‘li qurilishi 1988-yilda boshlangan bo‘lib, 2001-yilning sentabrida qurilish ishlari yakunlangan edi. Yunusobod yo‘li 6ta: "Mingo‘rik", "Yunus Rajabiy", "Abdulla Qodiriy", "Minor", "Bodomzor", "Shahriston" bekatlaridan iborat.