TOShKENT, 5 yanv – Sputnik. O‘zbekiston normativ huquqiy hujjatlarning muhokamasi portalida “Sirdaryo viloyatining Yangiyer shahrida kichik sanoat zonasi tashkil etish haqida”gi O‘zbekiston prezidenti farmoni loyihasi joylashtirildi.
Ushbu farmon loyihasiga ko‘ra Yangiyer shahrida kichik sanoat zonasini tashkil etish rejalashtirilgan.
Farmondan maqsad Yangiyer shahrining sanoat salohiyatini yanada rivojlantirish, kichik biznes subyektlari tomonidan yangi ishlab chiqarishlar bo‘yicha investitsiya jalb etish uchun qulay sharoitlarni vujudga keltirish va buning natijasida yangi ish o‘rinlari yaratish hamda aholining daromadini oshirishdir.
Kichik biznesni jadal rivojlantirish, bandlikni ta’minlash va viloyat aholisining tadbirkorlik orqali daromadini oshirish, tekstil, poyabzal va charm, ekologik xavfsiz kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati sohasida qo‘shma korxonalar barpo etish, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash sanoat zonasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlari hisoblanadi.
Sanoat zonasining faoliyat ko‘rsatish muddati 30-yil bo‘lib, muddatni kelgusida uzaytirish ko‘zda tutilgan.
Mazkur hujjat loyihasi muhokamasi shu yilning 14-yanvarida nihoyasiga yetadi.