O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasiga soliq va bojxona imtiyozlari berildi

Obuna bo‘lish
To‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘ining nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalariga 2020-yilning 1-yanvariga qadar soliq hamda bojxona imtiyozlari va preferensiyalari berildi

TOShKENT, 5 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda 2017-yil 1-yanvardan boshlab to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘ining nooziq-ovqat iste’mol tovarlari eksportidan olingan xorijiy valyutadagi tushumning bir qismini vakolatli banklarga majburiy sotish bekor qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 2016-yil 21-dekabrdagi "2017-2019 yillarda to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi to‘g‘risida"gi qarorida ko‘rsatildi.

Qarorga muvofiq, 2017 — 2019-yillarda paxta tolasi va ipak xom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli, tashqi bozorlarda talab qilinadigan tayyor to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish topshirig‘i hamda 2016 — 2019-yillarda paxta tolasi va ipak xom ashyosini chuqur qayta ishlash negizida yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor, eksportga yo‘naltirilgan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha investitsiya loyihalari ro‘yxati tasdiqlandi.

O‘zbekiston matolari - Sputnik O‘zbekiston
To‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun maxsus kompaniya tuzildi

Respublikada ishlab chiqarilmaydigan, investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha chetdan keltiriladigan texnologik asbob-uskunalar, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlar — O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxat bo‘yicha respublika hududiga chetdan keltiriladigan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘ining o‘rnatilgan texnologik uskunalariga ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar uchun 2020-yil 1-yanvargacha bojxona to‘lovlaridan (bojxonada rasmiylashtirish yig‘imlari bundan mustasno) ozod qilindi.

Shuningdek, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘ining nooziq-ovqat iste’mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalariga 2020-yilning 1-yanvariga qadar soliq hamda bojxona imtiyozlari va preferensiyalari berildi.

Hujjat kelgusida iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgartirishlarni davom ettirish, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini modernizatsiyalash, diversifikatsiyalash va jadal rivojlantirishni ta’minlash, paxta tolasi va ipak xom ashyosini chuqur qayta ishlash, xorijiy investitsiyalarni keng jalb etish yo‘li bilan eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmlari va turlarini kengaytirishga yo‘naltirilgan.

Yangiliklar lentasi
0