TOShKENT, 2 yanv — Sputnik. O‘zbekiston maxsus xizmatlari Istanbulda ro‘y bergan teraktda gumon qilinayotganlar haqida Turkiyadan bildirish hujjatlarini olganlari yo‘q, deb xabar qilmoqda RIA Novosti O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlaridan olingan ma’lumotlarga tayangan holda.
Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni CNN Turk telekanali politsiyadan olingan ma’lumotlar asosida Istanbulda sodir etilgan teraktda "ID"ga aloqasi bo‘lgan O‘zbekiston yoki Qirg‘iziston fuqarosi gumon qilinayotgani haqida xabar bergan edi.
Turkiya Bosh vazir o‘rinbosari Istanbuldagi terakt boshqa hujumlardan keskin farq qilishini ta’kidlagan.
Istanbuldagi Reina tungi klubiga qurollangan hujum Yangi yil oqshomida amalga oshirildi. Kalashnikov atomati bilan qurollangan terrorchi klubni qo‘riqlayotgan politsiyachini otib tashlagan va 700dan ortiq kishi bo‘lgan klub binosiga kirib borib u yerdagi olomonga qarata o‘t ochgan.
Berilayotgan xabarlarga ko‘ra, 28-31 dekabr kunlari politsiya xizmati Turkiyaning turli shaharlarida IDga aloqador 63 jangarini qo‘lga olgan. O‘tkazilgan so‘rovlar natijasida ushbu hujumga O‘zbekiston yoki Qirg‘iziston fuqarosi aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lumot olingan.
Turkiya IIV ma’lumotiga ko‘ra, teraktda 39 kishi (shu jumladan 16 nafar chet el fuqarolari) halok bo‘lganlar. 69 kishi jarohatlangan. Hujum uyushtirgan shaxs esa qidirilmoqda.