TOShKENT, 1 yanv — Sputnik. Istanbul shahridagi tungi klublarning birida amalga oshirilgan va 39 kishining hayotiga zomin bo‘lgan teraktda Saudiya Arabistoni, Marokash, Livan va Liviya fuqarolari halok bo‘lishgan, deb xabar qilmoqda RIA Novosti Turkiya oila va ijtimoiy siyosat vazirligiga tayangan holda.
RIA Novosti axborot agentligi chop etgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada yangi yil oqshomida sodir etilgan terakt oqibatida, shuningdek 2 nafar Hindiston fuqarosi ham halok bo‘lishgan.
Hindiston TIV rahbari Sushma Savraj halok bo‘lganlarning biri mamlakat parlamenti sobiq deputatining o‘g‘li ekanini ta’kidlagan.
"Turkiyada yomon xabarlar oldik. Istanbulda sodir etilgan terakt oqibatida ikki fuqaromizni yo‘qotdik. Hindiston elchisi Istanbulga qarab yo‘l oldi. Hindiston yuqori palatasi sobiq a’zosining o‘g‘li Abiz Rizvi hamda G‘ujarotlik Xushi Shoh ushbu terakt qurbonlariga aylanishgan", — deb yozgan Svaradja o‘zining Tvitterdagi mikroblogida.
Eslatib o‘tamiz, Turkiyadagi Reina tungi klubiga qurolli hujum yangi yil oqshomida amalga oshirilgan. Santa-Klaus libosidagi terrorchi Kalashnikov avtomatidan klubdagi odamlarga qarata olov ochgan. Turkiya IIV tarqatgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 39 kishi(shu jumladan 16 nafar chet elliklar) halok bo‘lgan, 69 kishi jarohatlangan, hujum uyushtirgan shaxsni qidirish ishlari davom etmoqda.