TOShKENT, 27 dek — Sputnik. Isroil Mudofaa vaziri Avigdor Liberman Fransiyada yashovchi yahudiylarni mamlakatni tark etishga chorladi. U o‘zining ushbu ta’kidini Parijda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan anjuman oldidan qildi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
"Fransiya yahudiylariga: bu sizning mamlakatingiz emas, siz tug‘ilgan yer ham emas, u yerdan ketish kerak, deb aytadigan vaqt keldi", — deya bayonot qilgan Isroil Mudofaa vaziri.
Liberman Parijda o‘tadigan anjumanni "Isroilga qarshi tribunal" deb atab, u mamlakat sha’niga dog‘ tushirishini qo‘shimcha qildi.
Eslatib o‘tamiz, 2017-yilning yanvar oyida Parijda ko‘ptomonlama forum o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Tinchlik anjumani deb nom olgan ushbu tadbirda, tashkilotchilar fikri bo‘yicha, Falastin-Isroil tinchlik jarayoni jonlantirilishi ko‘zda tutilgan. Ammo, Isroil davlati ushbu anjumanda ishtirok etishdan bosh tortdi va Fransiyadan tadbirni bekor qilishni talab qildi.
Isroil davlati tashqi tomondan bo‘ladigan bosim va o‘zi uchun foydali bo‘lmagan talablar "yopishtirilishidan" havotir olgan holda Falastin bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazilishini talab qilmoqda.
Falastin tomon esa anjuman o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Falastinliklar ta’kidi bo‘yicha, ikki tomonlama uchrashuvlar foyda bermay qo‘ygan, isroilliklar bilan muzokara o‘tkazish imkoniyati esa ularning mavqeyiga mos kelmaydi.