TOShKENT, 26 dek — Sputnik. Vazirlik saytida aholining hayotiy ehtiyojlari to‘g‘risida yaqindan bilish, xususan, tibbiy xizmat turlari bo‘yicha hal etilmagan muammo, ariza, shikoyat yoki takliflarni o‘rganib, ularga o‘z vaqtida yechim topish maqsadida sog‘liqni saqlash vazirining virtual qabulxonasi tashkil etilgani ma’lum qilingan.
Murojaatlarni www.ssv.uz, shuningdek, shu internet manzilida ko‘rsatilgan elektron pochta yoxud telefon orqali mazkur virtual qabulxonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuborish mumkin.
Murojaat shaxsan O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan ko‘rib chiqiladi, nazoratga olinadi va qonun doirasida hal etiladi. Shuningdek, sog‘liqni saqlash vazirligining 1003 “Ishonch telefoni” raqami ham faoliyat ko‘rsatmoqda.
24 sentabr kuni bosh vazir Shavkat Mirziyoyev virtual qabulxona tashkil etgandi. Atigi bir oy ichida unga 70 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi.
Ayni kunlarda bosh vazirning virtual qabulxonasi prezident virtual qabulxonasiga aylantirildi.
Mamlakat Konstitutsiyasining 24-yilligiga bag‘ishlangan yig‘ilishda Mirziyoyev respublikaning har bir tuman va shahrida xalq qabulxonalari tashkil etish va ularning to‘laqonli ishlashini ta’minlash taklifini ilgari surdi.