"Super Juk": bombochkalarni O‘zbekistonga olib o‘tishga uringan shaxs qo‘lga olindi

© Flickr / FreeUsePhotosPortlovchi pirotexnika vositalari
Portlovchi pirotexnika vositalari - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Toshkent shahar bojxona boshqarmasining "Keles" temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari "Moskva-Toshkent" yo‘lovchi poyezdida O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaroning qo‘l yuklarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazishganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda aytilmagan 72 dona "Super Juk" nomli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi

TOShKENT, 22 dek — Sputnik. Tez yonuvchi moddalardan tayyorlanadigan va yong‘in xavfsizligi nuqtayi nazaridan xavfli hisoblanadigan pirotexnika vositalaridan noto‘g‘ri foydalanish bevosita odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat tartibi va fuqarolarning mol-mulkiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin, deb xabar beradi Toshkent shahar bojxona boshqarmasi Axborot xizmatiga tayangan holda "Darakchi" nashri.

Huquqni muhofaza qilish organlari operatsiyasi. - Sputnik O‘zbekiston
IIV bayram oldidan xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda
Xabarda aytilishicha, Toshkent shahar bojxona boshqarmasining "Keles" temir yo‘l chegara bojxona posti xodimlari "Moskva-Toshkent" yo‘lovchi poyezdida O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaro F.Axmedovning (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) qo‘l yuklarini bojxona ko‘rigidan o‘tkazishganda, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda aytilmagan 72 dona "Super Juk" nomli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi. Mazkur pirotexnika vositalari shokolad qutisida yashirincha olib kelinayotgan ekan.

Shuningdek, boshqarmaning tezkor guruhi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Toshkentning Olmazor tumanida pirotexnika vositalarni sotish va tarqatish bilan shug‘ullanayotgan fuqarolar A.Sodiqov va A.Saidovlardan jami 19200 dona "PETARDS-S rojdestvom 10x60" nomli pirotexnika vositalari ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan bojxona tekshiruvlari va surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1851-moddasiga ko‘ra pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish — huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 2501-moddasiga muvofiq pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, jo‘natish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek ularni qonunga xilof ravishda O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish (O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish) yoki o‘tkazish ancha miqdorda yoxud shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, — eng kam oylik ish haqining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki olti oygacha qamoq yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Yangiliklar lentasi
0