TOShKENT, 22 dek – Sputnik. Xitoyning CCTV telekanali suratga olish guruhi "Ipak yo‘li bo‘ylab" televizion loyihasi doirasida O‘zbekiston haqida turkum ko‘rsatuvlar tayyorlaydi. Bu haqda nuz.uz xabar bermoqda.
Kanal produseri An Ifeyning aytishicha, 6-7 qismdan iborat mazkur ko‘rsatuvda oddiy insonlar hayoti haqida hikoya qilish orqali Buyuk ipak yo‘li hamda O‘zbekiston va Xitoyning barcha sohalardagi hamkorligi ko‘rsatib beriladi.
"Biz Toshkentda ishlayotgan Xitoy korxonalari, Xitoy qurilishida yordam berayotgan elektrostansiyani tasvirga tushirdik. Xitoylik va o‘zbekistonlik mutaxassislar qanday qilib birgalikda ishlashayotgani, Markaziy Osiyo mamlakatlarining Xitoy bilan bugungi hamkorligi qanday ekanligini ko‘rsatmoqchimiz — asosiysi, unda haqiqiy insonlar, haqiqiy hayot aks etadi. Biz Samarqandda qadimiy texnologiyadan foydalanib kulollik buyumlarini yasaydigan ustalar bilan uchrashdik. Dunyoda bizning mamlakatlarimiz haqida turlicha tasavvurlar shakllangan. Biz aslida kim ekanligimizni ko‘rsatishni istaymiz", — deydi An Ifey.
Xitoylik produserning fikricha, xorijliklarga Buyuk ipak yo‘li qanday qilib O‘zbekiston va Xitoy xalqlarini bog‘lagani, madaniy va iqtisodiy almashuvlar qanday amalga oshganini bilish qiziq.
"Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlari orasida hali ham juda ko‘p umumiylik bor. Bugungi kunda mamlakatlarimiz iqtisodiy va gumanitar sohalarda hamkorlikning yangi yo‘llarini izlashmoqda. Bizning strategik tashabbusimiz mavjud: "Yagona poyezd – yagona yo‘l". Xitoy rivojlanish yo‘lidan ketmoqda va bu rivojlanish umumiy bo‘lishini, birgalikda yangi Ipak yo‘lini barpo etishni istaymiz», — dedi An Ifey.
CCTVning "Ipak yo‘li bo‘ylab" televizion loyihasi borasidagi ishlar o‘tgan yili boshlangan. Telekanal Qozog‘iston, Turkmaniston va Qirg‘iziston haqida o‘n besh qismli ko‘rsatuvni tayyorladi. Mazkur ko‘rsatuvlar Xitoydan tashqari Qozog‘iston va Qirg‘izistonning markaziy telekanallari orqali ham namoyish etiladi.