TOShKENT, 20 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Rossiyaning Turkiyadagi elchisi Andrey Karlovning suiqasd natijasida halok bo‘lganligi munosabati bilan samimiy hamdardlik bildirdi. Bu haqda O‘zbekiston TIV matbuot xizmati xabar qildi.
"Biz har qanday shakl va ko‘rinishdagi terrorizm va ekstremizm harakatlarini qattiq qoralaymiz. Mazkur fojia hozirgi zamonning shunday noinsoniy tahdidlariga qarshi kurashish uchun xalqaro hamjamiyatning barcha kuchlarini birlashtirish zarurligini yana bir bor ko‘rsatdi. Ushbu qayg‘uli kunlarda O‘zbekiston Rossiya xalqi bilan birdamligini bildiradi", —deyiladi hamdardlik maktubida.
O‘zbekiston rahbari shuningdek, diplomatning oila a’zolariga va yaqinlariga chuqur hamdardlik va dalda so‘zlarini yetkazib qo‘yishni so‘ragan.
Biroz oldin O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Rossiyaning Toshkentdagi elchixonasiga tashrif buyurib, elchi Vladimir Turdenevga Karlovning o‘limi munosabati bilan hamdardlik bildirgan va marhumning oila a’zolari va yaqinlariga dalda so‘zlarini yetkazgandi.
O‘z qayg‘usini bildirishni istaganlar uchun Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasida Hamdardlik kitobi ochildi.
Dushanba kuni Turkiya poytaxtida Rossiya elchisi Andrey Karlov otib o‘ldirildi. Hujum vaqtida uch kishi jarohatlangan. Qotil voqea joyida otib tashlangan.