Yevroparlament O‘zbekiston bilan "to‘qimachilik bitimi"ni ma’qulladi

Obuna bo‘lish
Yevropalik ekspertlarning fikrlariga ko‘ra, "to‘qimachilik protokoli"ning ma’qullanishi O‘zbekiston uchun Yevropa davlatlariga eksport hajmini oshirish borasida yangi istiqbollarni ochadi

TOShKENT, 19 dek – Sputnik. Yevropa Parlamentining yalpi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik bitimiga to‘qimachilik savdosida ikki marta lisenziya olinish tizimining bekor qilinishi munosabati bilan o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi protokol ma’qullandi. Bu haqda "Jahon" axborot agentligi xabar qildi.

Mazkur protokolning ratifikasiya qilinishi O‘zbekistondan Yevropa Ittifoqiga import qilinadigan to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish, qayta ishlash va foydalanish bo‘yicha bojxona imtiyozlarini hamda solinadigan ichki soliqlar va boshqa yig‘imlarda o‘zaro qulay rejim asosida engillik berish imkoniyatini yaratadi. Bundan tashqari, to‘qimachilik mahsulotlari savdosida erkin savdo tamoyili va tranzit qilinishini ta’minlagan holda, ko‘plab cheklovlarning bekor bo‘lishini ta’minlaydi.

Yevropa Parlamenti Xalqaro savdo qo‘mitasining O‘zbekiston bo‘yicha ma’ruzachisi Mariya Arena xonim ushbu hujjatning Yevroparlament tomonidan ma’qullanishi Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo munosabatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.

Yevroparlament deputatlari O‘zbekiston taraqqiyoti bilan tanishishdi

— O‘zbekiston Xalqaro Mehnat tashkiloti (XMT) bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida mamlakatda munosib mehnatni ta’minlash bo‘yicha sezilarli natijalarga erishdi. XMT hisobotlariga ko‘ra, 2015-yilda O‘zbekiston bolalar mehnatiga yo‘l qo‘yilmaydigan davlatga aylandi. Mamlakat hukumati XMT, Jahon banki va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan ushbu yo‘nalishda olib boriladigan faoliyatda o‘zining sodiqligini namoyon etmoqda, — dedi M.Arena xonim.

Yevropa Ittifoqining Savdo ishlari bo‘yicha komissari Sesiliya Malmstrem xonimning aytishicha, 2014-2020 yillar davomida Yevrokomissiya tomonidan Moliyaviy-texnikaviy yordam ko‘rsatish bo‘yicha hamkorlik dasturi yo‘nalishiga ko‘ra, O‘zbekistonga qishloq joylarini rivojlantirish uchun 168 million evro ajratilishi ko‘zda tutilgan. Dasturning asosiy yo‘nalishlari qishloq xo‘jaligida etishtiriladigan oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashni, suv bilan ta’minlash va kichik sug‘orish tizimini, fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish, hammabop energiyaning rivojiga ko‘maklashish kabi masalalardan iborat.

Yevropalik ekspertlarning fikrlariga ko‘ra, "to‘qimachilik protokoli"ning ma’qullanishi O‘zbekiston uchun Yevropa davlatlariga eksport hajmini oshirish borasida yangi istiqbollarni ochadi va bu o‘z navbatida, mamlakatning jadal iqtisodiy rivojlanishiga yordam beradi.

Yangiliklar lentasi
0