TOShKENT, 16 dek — Sputnik. Barak Obama AQShdagi saylovlarga "ta’sir o‘tkazgani uchun" Vashington Rossiyaga nisbatan choralar ko‘rishini ma’lum qildi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Obamaning aytishicha, "u yoki bu davlat hukumati Amerikadagi saylovlarning haqqoniyligiga ta’sir o‘tkazishga urinayotgan bo‘lsa", u holda, shak-shubhasiz bunga qarshi chora ko‘rish lozim. "AQSh Rossiyaning bu aralashuviga o‘zi tanlagan vaqtda javob qaytaradi", — deb ta’kidladi vakolati tugab borayotgan Oq uy rahbari.
Obama shuningdek, "Janob Putin mening bu boradagi tuyg‘ularim bilan yaxshi tanish, bu haqda men u bilan yuzma-yuz gaplashganman", — deya qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning oktabrida AQSh razvedka uyushmasi rasmiy vakillari Amerika saylov tizimiga uyushtirilgan kiber-hujumlar ortida rossiyalik xakerlar turishini ma’lum qilishgan edi.
Shundan so‘ng AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi Moskvani Demokratik partiya serverini buzganlikda aybladi. Bu ish "Donald Trampga prezident bo‘lishga yordam berish uchun" amalga oshirilgani ta’kidlandi.
Sal vaqtdan so‘ng Oq Uy saylov kuni xakerlar faolligi kuzatilmaganini tan oldi. AQSh Kongressi maxsus xizmatlardan surishtiruv natijalarini ochiqlashni talab qilgan bo‘lsa-da, bu ish amalga oshirilmadi.
AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp esa Rossiyaning Amerikadagi prezident sayloviga aralashuvi bilan bog‘liq mish-mishlarni "kulgili" deya baholagan.