Banklar fuqarolarga moliyaviy ko‘mak beradi

Obuna bo‘lish
Shavkat Mirziyoyev davlat banklari oldiga qanday vazifalar qo‘yilganini ma’lum qildi

TOShKENT, 15 dek – Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida yirik tijorat banklari rahbarlariga banklar o‘z ish uslublarini tubdan o‘zgartirishlari lozimligini ta’kidladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bank tizimi va bozor infratuzilmasining boshqa organlari faoliyati samaradorligini oshirish dolzarb masala bo‘lib qolmoqda.

"Afsuski, — dedi Mirziyoyev, — hozirgi kunda ularning faoliyati bugungi hayot va iqtisodiy islohotlar talablaridan ancha ortda qolmoqda. Shuning uchun biz bugungi yig‘ilishimizga barcha yirik tijorat banklari rahbarlarini ham taklif etganmiz. Ularning bosh vazifasi – bundan keyin o‘z ish uslublarini tubdan o‘zgartirib, fuqarolarimiz va tadbirkorlarning haqiqiy ishonchini qozonishga va ularga haqiqiy ko‘makdosh bo‘lishga erishishdan iborat".

Shavkat Mirziyoyev davlat banklari oldiga qanday vazifalar qo‘yilganini ma’lum qildi.

"Shu bois davlat banklari oldiga quyidagi vazifalar qo‘yilmoqda. Ular har bir oila bilan muloqot tashkil qilish orqali fuqarolarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratishi kerak.

Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston
Shavkat Mirziyoyev: Xalq rozi bo‘lsa, ishimizda unum va baraka bo‘ladi

Shu maqsadda tijorat banklari va ularning joylardagi filiallari, o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga moliyaviy ko‘mak va madad berishni zimmasiga oladi.

Lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsak, banklar endi xalqimizni tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka o‘rgatishi va shunga yetaklashi lozim bo‘ladi", — dedi u.

Prezidentning fikricha, shunda odamlar bog‘dorchilik, chorvachilik, hunarmandlik, kasanachilik, xizmat ko‘rsatish, servis va boshqa sohalarda tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, kichkina bo‘lsa ham o‘zining korxonasini tashkil etib, qonuniy asosda daromad topadi, o‘zini ham, oilasini ham moliyaviy jihatdan mustahkamlab, mahalla, tuman va shahar, viloyat va mamlakat rivojiga munosib hissa qo‘shadi.

Yangiliklar lentasi
0