Mirziyoyev: men Aripovni har tomonlama sinovdan o‘tkazganman

© uforum.uzAbdulla Aripov
Abdulla Aripov - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Prezident Aripovning xushmuomalaligi, odamlar bilan til topisha olish qobiliyati, muammo va masalani eshitish va negiziga yetib, uning yechimi bo‘yicha adolatli qaror qabul qilish salohiyatini alohida ta’kidladi

TOShKENT, 15 dek — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida so‘zlagan nutqida mamlakat bosh vazirligiga nomzodi ko‘rsatilgan Abdulla Aripovning shaxsiy va kasb mahoratiga baho berdi.

"Abdulla Aripovning bevosita xizmat vakolatiga kirmaydigan qo‘shimcha vazifalarni ham topshirib, bu insonni ko‘p marotaba har tomonlama sinovdan o‘tkazganman. Bu kishining yurtimizda bormagan viloyat, shahar yoki tumani, kirmagan dalasi, qurilish, madaniy-maishiy, savdo obyektlari qolmagan. Shuning uchun mamlakatimiz hududlaridagi shart-sharoitni, muammo va masalalarni juda yaxshi biladi. Eng asosiysi, borgan va ko‘rgan joyidagi masalani o‘zi mustaqil hal qiladi, agar o‘zi yecholmasa, aniq taklif beradi", — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Aripovning xushmuomalaligi, odamlar bilan til topisha olish qobiliyati, muammo va masalani eshitish va negiziga yetib, uning yechimi bo‘yicha adolatli qaror qabul qilish salohiyatini alohida ta’kidladi.

Abdulla Aripov - Sputnik O‘zbekiston
Abdulla Aripov O‘zbekiston bosh vaziri bo‘ldi

"Abdulla Aripov bugungi kunda oldimizda turgan juda katta masalalarni hal etishda, ya’ni mamlakatimizni modernizatsiya qilish va yangilashni yangi bosqichga ko‘tarish, qonun ustuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha dasturiy vazifalarni amalga oshirishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali asosda tashkil etish, Bosh vazir o‘rinbosarlari, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar, barcha darajadagi hokimliklar rahbarlari bilan bir yoqadan bosh chiqarib, hamjihat bo‘lib ishlash salohiyatiga ega. U o‘ziga yuklatilgan har qanday topshiriqqa, katta yoki kichik demasdan, bir xil mas’uliyat bilan yondashadi, so‘zsiz bajarish va mantiqiy yakuniga yetkazish choralarini ko‘radi", — e’tirof etdi Mirziyoyev.

Prezident Abdulla Aripovning halolligi, odamlarga doimo hurmat bilan qarashi, ularning dardiga darmon bo‘lishga intilishi, Vatan va xalqqa sadoqatini ta’kidlab o‘tdi.

Oliy Majlis palatalari Abdulla Aripovni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Abdulla Aripov 1961-yilda Toshkentda tug‘ilgan. 2002-yildan beri O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan. Sputnik Abdulla Aripov haqida shu yerda batafsil xabar bergan edi.

Yangiliklar lentasi
0