TOShKENT, 13 dek — Sputnik. Saddam Husaynni tergov qilgan SRU tergovchisi Jon Nikson, Iroq yetakchisi hayotining so‘nggi yillarida nimalar bilan mashg‘ul bo‘lgani haqida gapirdi, deb xabar qilmoqda RIA Novosti.
Amerika Markaziy Boshqarmasi tergovchisiga ko‘ra, Saddam hayotining so‘nggi yillarida romanlar yozish bilan band bo‘lgan va shu sababli qo‘shni davlatlarda ro‘y berayotgan hodisalarni chuqur anglamagan.
Iroq Oliy Sudi esa Saddam Husaynni 1982-yilda Ad-Dudjayl qishlog‘ida istiqomat qilgan 148 kishi o‘limida ayblagan va uni o‘limga mahkum etgan. Sud hukmi 2006-yilning oxirida ijro etilgan.
Joriy yilning 27-dekabrida dunyo yuzini ko‘radigan "Saddam Husayn. So‘roq" nomli kitobida Nikson o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan. Tergovchiga ko‘ra, amerikalik harbiylar Saddamni u yashiringan joyidan olib chiqishganlarida, aynan Nikson uni chandiqlari va tatuirovkalari tufayli tanib qolgan.
Ilk so‘roqlar natijasi Saddam Husayn mamlakatda ro‘y berayotgan hodisalarni yaxshi anglamasligini ko‘rsatgan. "Saddam romanlar yozish bilan band bo‘lgan. U endi hukumatni boshqarmas edi… Aftidan, Saddam Iroqda nimalar ro‘y berayotganini o‘ziga dushman bo‘lgan amerikalik va britaniyaliklar singari yaxshi tushunmasdi. U o‘z hukumati faoliyatini tashlab qo‘ygan hamda Iroq muhofazasini ta’minlash uchun bironta reja tuzmagan edi", — deya iqtibos keltiradi nashr Nikson kitobidan.
SRU tergovchisining yozishiga ko‘ra, AQSh Saddamni qo‘shni hamda G‘arb davlatlariga hujum qilishga shaylanayotganlikda ayblagan bo‘lsa-da, haqiqatda esa bunday bo‘lmagan.
Bundan tashqari, Husayn AQSh prezidenti — katta Jorj Bushga qarshi fitna uyushtirayotganini ham inkor etgan. Iroq yetakchisi "Iroq ommaviy qirg‘in quroliga ega emasligini va bu borada boshqa davlatlarga xavf tug‘dirmasligini" ta’kidlab o‘tgan. "Sizlar yutqazasizlar. Iroqni boshqarish unchalik ham oson emasligiga amin bo‘lasizlar", — deya bashorat qilgan Husayn so‘roq jarayonlarining birida.
Niksonga ko‘ra, Husayn o‘z xotinlarini muhokama qilishni yoqtirgan va tergovchiga o‘z oilasi hamda "alohida muammo" bo‘lgan o‘g‘li Uday haqida so‘zlab bergan.
Amerika MRB tergovchisi o‘z kitobida Husaynning qatl qilinish jarayonini ham yozib o‘tgan. "Meni hayratlantirgani, Saddam xonadagi(o‘limga mahkum qilinganlar demoqchi, tahr.)lardan farqli o‘laroq o‘ta munosib ko‘rinishga ega edi. Bizning yigit va qizlarimiz bu uchun jon fido qilishmagan. Bush bizga bu kabi yangi Iroqni va’da qilmagan edi", — deb yozgan Nikson o‘z kitobida.