TOShKENT, 10 dek — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Konstitutsiya qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan ma’ruzasida "yagona darcha" prinsipi asosida faoliyat yuritadigan "xalq qabulxonalari"ni ochishni taklif qildi.
Shavkat Mirziyoyevning ta’kidiga ko‘ra, bugun hayotning o‘zi O‘zbekiston Konstitutsiyasida o‘z ifodasini topgan eng asosiy maqsad – inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlash masalasini dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda. Inson manfaatlarini ta’minlash uchun esa avvalo odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerak.
O‘zbekiston prezidenti bunday qabulxonalar siyosiy partiyalar, jumladan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tizimida faoliyat ko‘rsatishi maqsadga muvofiqligini ta’kidlab o‘tdi. Chunki siyosiy partiya fuqarolarning maqsad va manfaatlarini ro‘yobga chiqaradigan kuch sifatida odamlar hayotidagi muammolardan doimo xabardor bo‘lishi kerak.
Mirziyoyevga ko‘ra, bu qabulxonalarning huquqiy maqomini, ularning vakolat va majburiyatlarini ham aniq belgilab qo‘yish maqsadga muvofiqdir.
"Bizning asosiy maqsadimiz – "Xalq qabulxonalari"ga qilingan hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdan iborat. Muxtasar aytganda, odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish – aholining davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi. Shu maqsadda aholiga kundalik va eng zarur bo‘lgan davlat xizmatlarini "yagona darcha" prinsipi bo‘yicha bir idora orqali ko‘rsatish tizimini takomillashtirishimiz kerak", — deb bayonot qildi Mirziyoyev.
O‘zbekiston prezidenti, shuningdek, har bir hududdagi vaziyatni, avvalo, farmon va qarorlar ijrosini, ularning samaradorligini doimiy ravishda o‘rganib, bu borada davlat organlari mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadigan tizimni shakllantirish kerakligini eslatib o‘tdi.