TOShKENT, 9 dek — Sputnik. O‘zbekiston Respulikasi Markaziy saylov komissiyasi rasmiy saytida O‘zbekistondagi prezident saylovlari natijalari e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining natijalariga ko‘ra, Sarvar Sadullayevich Otamuratovni yoqlab 421 ming 55 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 2,35 %i ovoz bergan, Shavkat Miromonovich Mirziyoyevni yoqlab 15 million 906 ming 724 nafar saylovchi yoki ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilar umumiy sonining 88,61 %i ovoz bergan, Xatamjon Abduraxmonovich Ketmonovni yoqlab 669 ming 187 nafar saylovchi yoki 3,73 %i, Narimon Majitovich Umarovni yoqlab 619 ming 972 nafar saylovchi yoki 3,46 % saylovchilar ovoz bergan.
Shunday qilib, natijalarga asosan 2016-yil 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan nomzod Shavkat Miromonovich Mirziyoyev g‘olib chiqqan.
"O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida fuqarolarimiz o‘zining yuksak siyosiy saviyasi va fuqarolik potsiziyasini hamda Vatanimiz taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini namoyish etib, ovoz berishda faol ishtirok etdilar", — deb ta’kidlagan Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov.