TOShKENT, 5 dek – Sputnik. Prezident saylovida g‘alaba qozongan Shavkat Mirziyoyev qisqa nutq so‘zladi. Mirziyoyev o‘z nutqida saylovoldi dasturiga kiritilgan barcha vazifalar bajarilishini bildirdi. U O‘zbekiston xalqiga farovonlik, tinchlik va baxt-saodat tiladi.
"Saylov ulkan siyosiy faollik bilan bo‘lib o‘tdi. O‘tgan 25-yil davomida ko‘plab ishlar amalga oshirildi, biz ko‘plab muvaffaqiyatlarga erishdik. Meni qo‘llab-quvvatlagan O‘zbekiston xalqiga minnatdorligimni bildiraman. Bu raqamlar menga katta mas’uliyat yuklaydi. 88 foiz ovoz olish oson emas, lekin odamlar menga ishonch bildirishdi. Asosiysi — xalq ishonchini oqlash!", — dedi O‘zbekistonning yangi Prezidenti.
U saylovoldi dasturi xalq xohishini inobatga olgan holda tuzilganligini bildirdi.
So‘zi oxirida Shavkat Mirziyoyev saylov kuzatuvchilariga minnatdorlik bildirdi.
4 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Shavkat Mirziyoyev uchun saylovchilarning 88,61 foizi (15,906 mln kishi) ovoz berdi.
Nomzodlar – Hatamjon Ketmonov uchun saylovchilarning 3,73% (669 000 kishi), Narimon Umarov uchun 3,46% (619 000 kishi) va Sarvar Otamuratov uchun 2,35% i (421 mingdan ortiq kishi) ovoz bergan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ovoz berishda 17 million 941 ming 955 nafar fuqaro ishtirok etdi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,83 foizini tashkil etadi.