TOShKENT, 9 dek — Sputnik. RIA Novosti. Nemis diplomatik pasporti egalari Istanbuldagi Otaturk xalqaro aeroportidagi nazorat punktlarida jiddiy tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Bu Germaniyaning Turkiya parlamenti vitse-spikeri Ayshe Nur Baxchekapiliga nisbatan hurmatsizligi uchun javob chorasi bo‘ldi, deb xabar berdi RIA Novosti Anadolu agentligiga asoslanib.
Ayshe Nur Baxchekapili Koln aeroportida vataniga qaytmoqchi bo‘lganida 45 daqiqa ushlab turildi. Politsiya Baxchekapili hujjatlari solingan sumkani o‘g‘irlatib qo‘yganidan so‘ng Turkiya konsulligida olgan vaqtinchalik pasportini haqiqiy emas deb topdi. Turkiya prezidenti Tayip Erdo‘g‘on nemislarning bu harakatini tanqid qildi va javob chorasini ko‘rishini aytdi, GFRning Anqaradagi elchisi esa Turkiya TIVga chaqirildi.
"Ular terrorchilarni qabul qilmoqda va mamlakatga joylashtirmoqda, lekin davlat parlamenti vitse-spikerini aeroportda bir necha soat ushlab qolishadi. Biz ham ularga nisbatan shunday qilmasligimiz kerakmi? Agar shunday qilsak, ular Erdo‘g‘onni diktator, deyishni boshlashadi! Agar bu voqeaga aloqador mansabdorlarga chora ko‘rilmasa, Turkiya ham xuddi shunday javob qaytaradi", — deb bayonot bergandi Erdo‘g‘on Anqaradagi mahalliy ma’muriyat rahbariyati bilan uchrashuvda.
Diplomatik pasportga ega nemislarga nisbatan 7-dekabrdan boshlab alohida tekshiruv boshlandi. Ular uchun Turkiyaga kirish-chiqishga jiddiy tekshiruvdan keyingina ruxsat berilmoqda.
Ma’lum qilinishicha, kecha Germaniyaning diplomatik pasportga ega to‘rt fuqarosi nazorat punktida uzoq ushlab turilgani bois o‘z aviareyslariga kech qolishgan.