TOShKENT, 8 dek — Sputnik. Bugun Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi tashkil etilganiga 25-yil to‘ldi.
1991 yilning 8-dekabrida Belorussiya hukumati qarorgohida Belarus, Rossiya va Ukraina respublikalari rahbarlari MDH tashkil etish haqidagi kelishuvni imzoladilar. Bu hujjat tarixga Belovej kelishuvi nomi bilan kirdi.
Keyinroq o‘n bir suveren davlat rahbarlari (Boltiqbo‘yi davlatlari va Gruziyadan tashqari) Ozarbayjon Respublikasi, Armaniston Respublikasi, Belarus Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, Moldova Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston, O‘zbekiston Respublikasi va Ukraina teng huquqlar asosida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligini tashkil etish haqidagi kelishuv protokolini imzoladilar.
Tomonlar siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, fan, savdo, gumanitar va boshqa sohalarda o‘z xalqlari va mamlakatlarining teng huquqli va o‘zaro manfaatli hamkorligini rivojlantirishga, keng axborot almashinuvini ta’minlashga kelishib oldilar.
Ayni paytda MDH makoni — dunyoning eng yirik va istiqbolli bozorlaridan biri, bu yerda 270 milliondan ortiq kishi istiqomat qiladi. Yer yuzining deyarli 17 foizi, barcha o‘rmonlarning 21 foizi va chuchuk suv resurslarining 11 foizi, tabiiy gaz va ko‘mir zaxiralarining 30 foizi, oltin, rux va qo‘rg‘oshin zaxiralarining 20 foizi MDH davlatlariga to‘g‘ri keladi.
2016 yil 16-sentabrda Bishkekda MDHning yubiley sammiti bo‘lib o‘tdi. A’zo davlatlar hamdo‘stlik faoliyatining natijalarini ko‘rib chiqdilar va uni saqlab qolish zarurligini ta’kidladilar.
Bundan tashqari, tashkilotning xalqaro maydondagi ta’sirchanligini oshirish va modernizatsiya qilish yo‘llari belgilab olindi.