TOShKENT, 7 dek – Sputnik. Sportning muzda nafis uchish turida uch karra Olimpiya o‘yinlari va o‘n karra jahon chempioni Irina Rodnina O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shu yil sentabrda 67 yoshni qarshi olgan Rodnina ayni paytda siyosiy faoliyatini davom ettirmoqda va Rossiya Davlat dumasining deputati hamda “Yedinaya Rossiya” partiyasining Bosh kengashi a’zosi sifatida Toshkentga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurgandi.
Rodnina saylov haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
"Mamlakatingizga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish, ushbu muhim siyosiy jarayonda bevosita ishtirok etish uchun yetib kelgandim. Avvalo shuni ta’kidlab o‘tishni istardimki, saylov har jihatdan ochiqlik va demokratik tamoyillar asosida o‘tkazildi. U har tomonlama xalqaro standartlarga mos tarzda tashkil etildi. Qisqa vaqt ichida saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish uchun juda katta hajmda ish olib borilganligi meni hayratda qoldirdi", – dedi u.
U shuningdek, O‘zbekistonning sportda erishayotgan natijalarini ham yuksak baholadi.
"Toshkentda bo‘la turib Milliy olimpiya qo‘mitasining binosiga tashrif buyurmasdan keta olmasdim. Ochig‘i qo‘mitaning yangi binosiga, qolaversa bu maskanda xizmat qilayotgan xodimlarga juda havasim keldi. Rossiya Milliy olimpiya qo‘mitasi xaqida gapiradigan bo‘lsam albatta bizga bunday hashamatli inshoot va uning ichida nihoyatda jiddiy tibbiy laboratoriya va markaz yetishmaydi.
Bejizga o‘zbek sportchilarining Olimpiya o‘yinlarida qo‘lga kiritayotgan yutuqlar zalvori bu qadar tez sur’atlarda yuksalib ketmaganiga bevosita guvoh bo‘lib turibman. Albatta mamlakatingizda davlat va hukumat rahbarlari tomonidan sportga ko‘rsatilayotgan bunday yuksak e’tibor besamar ketmaydi. Oddiygina misol, Rio-de-Janeyroda o‘zbekistonlik sportchilar 13 ta medalni qo‘lga kiritishdi va men bugun bu yerga tashrif buyurib shunga amin bo‘ldimki bu hali xammasi emas, o‘zbek sportining salohiyati yil sayin yuksalib borishiga ishonaman", – dedi Rodnina Milliy olimpiya qo‘mitasi va uning qoshidagi tibbiy markazni ko‘zdan kechirgach.
Figurali uchishning juftliklar baxslari tarixida eng omadli ayol sportchi hisoblanadigan Irina Rodnina 1969-yildan 1980-yilga qadar o‘zi ishtirok etgan birorta musobaqada mag‘lub bo‘lmagan va faqat birinchi o‘rinda qayd etilgan. Bu xoh jahon yoki Yevropa chempionati bo‘lsin, xoh Olimpiya o‘yinlari bo‘lsin, ularning barchasida Rodnina dastlab A. Ulanov bilan, keyinchalik esa A. Zaysev bilan juftlikda faqat oltin medallarga sazovor bo‘lgan.
Tashrif nihoyasida jahon sportining moziydagi yulduzi Milliy olimpiya qo‘mitasining tilaklar kitobiga o‘zining dil izhorlarini yozib qoldirdi.