Turizm sohasidagi tadbirkorlik rag‘batlantiriladi

Obuna bo‘lish
2-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi

TOShKENT, 6 dek — Sputnik. Farmon mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirish uchun qulay iqtisodiy va tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratish, hududlarning ulkan turizm salohiyatidan yanada to‘liq va samarali foydalanish, turizm tarmog‘ini boshqarishni tubdan takomillashtirish, milliy turizm mahsulotlarini yaratish va ularni jahon bozorlarida targ‘ibot qilish, turizm sohasida O‘zbekistonning ijobiy qiyofasini shakllantirishga yo‘naltirilgan.

Toshkent teleminorasi - Sputnik O‘zbekiston
"O‘zbekturizm" milliy kompaniyasi tugatildi
Turizm sohasida ulkan imkoniyatlar mavjudligiga qaramay, O‘zbekistonning turizm infratuzilmasi, turizm xizmatlari sifati va uning darajasi, shuningdek tarmoqni boshqarish tizimi globallashuv va keskin raqobat sharoitida zamonaviy talablarga mos kelmaydi. Turizmning mamlakat iqtisodiyotiga qo‘shayotgan hissasi, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va aholini ish bilan ta’minlash jahondagi o‘rtacha ko‘rsatkichlardan orqada qolmoqda", deyilgan farmon sharhida.

Aeroportlar, vokzallar hamda davlat chegarasi orqali boshqa o‘tish punktlarida xizmat ko‘rsatish sifati va saviyasini tubdan oshirish xorijiy turistlarning mamlakatga kelishlarida qulay shart-sharoitlar yaratilishining muhim omili hisoblanadi. Farmonda shu maqsadlarda quyidagilar nazarda tutiladi:

2017 yilning 1-apreligacha Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganch shaharlarining xalqaro aeroportlarida xorijiy turistlar uchun "yashil yo‘lak" bojxona nazorati tizimini, pasport va bojxona nazoratidan o‘tishning, bagajni olishning soddalashtirilgan tartib-taomilini joriy etish hamda transport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘rish; aeroportlar va vokzallarda rezidentlar va norezidentlarning pasport nazoratidan alohida-alohida o‘tishlarini tashkil qilish; aeroportlar va temir yo‘l vokzallarida qulay turizm axborot makonini, shu jumladan turizm-axborot punktlari faoliyatini tashkil etish va rivojlantirish.

Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan tadbirlarni amalga oshirish asosiy transport uzellarida xizmatlar ko‘rsatish sifatining eng ilg‘or jahon standartlariga mos kelishini ta’minlashga, mamlakat xalqaro aeroportlari va vokzallarining reytingini oshirishga qaratilgan.

O‘zbekiston qator davlatlar sayyohlari uchun viza tartibini bekor qildi
Turizm sohasidagi tadbirkorlik faolligini yanada rag‘batlantirish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, turizm tashkilotlariga qo‘shimcha imtiyoz va preferensiyalar berish Farmonning yana bir muhim xususiyatidir.
Jumladan: turizm operatorlari ular tomonidan ko‘rsatiladigan turizm xizmatlari uchun tushadigan xorijiy valyutadagi tushumni majburiy sotishdan ozod qilinadi;  mehmonxonalar xorijiy valyutadagi tushumning faqat 25 foizini belgilangan tartibda majburiy sotadilar;  xorijiy fuqarolar tomonidan mehmonxonalar xizmatiga haq to‘lash erkin ayirboshlanadigan valyutada amalga oshiriladi, ular uchun to‘lov respublikaning davlat va budjet tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladigan hollar bundan mustasno;  yuridik shaxslar kamida 4 yulduzli darajadagi mehmonxona va motellarni foydalanishga topshirganda ular yuridik shaxslarning foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan, shuningdek yagona soliq to‘lovidan 5-yil muddatga ozod qilinadi;  turizm faoliyati subyektlari tomonidan sig‘imi 9 kishidan ortiq bo‘lgan yangi avtotransport vositalari sotib olinganligi uchun Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘im avtotransport vositalari qiymatining maksimal darajadagi 20 %i emas, balki 3 %igacha miqdorda undiriladi.

Farmonda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga manfaatdor idoralar bilan birgalikda 3 oy muddatda O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini o‘rta muddatli istiqbolda rivojlantirish Konsepsiyasini, shuningdek 2017-2021 yillarda Konsepsiyani amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar Dasturini Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish vazifasi topshirilgan.

Farmonni bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi. Qarorda davlat qo‘mitasi faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari belgilab berilgan, davlat qo‘mitasining tashkiliy tuzilmasi va Nizomi tasdiqlandi, shuningdek milliy turizm mahsulotini xorijga namoyish qilish, turizm sohasida kadrlar tayyorlash va turizm xizmatlarini sertifikatlash bo‘yicha bir qator idoraviy tashkilotlar tuzildi.

Mazkur Farmonni amalga oshirish iqtisodiyotni barqaror rivojlantirishga, tarkibiy o‘zgartirishlar va diversifikatsiya qilishga, barcha mintaqalarni va turdosh tarmoqlarni kompleks ravishda ildam rivojlantirishning yetakchi kuchi bo‘lish imkoniyatiga ega mamlakat iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizmni jadal rivojlantirishni ta’minlashga, shuningdek O‘zbekistonning jozibador turizm markazi sifatidagi ijobiy qiyofasini shakllantirishga butun choralar bilan ko‘maklashadi.

Yangiliklar lentasi
0