O‘zbekiston qator davlatlar sayyohlari uchun viza tartibini bekor qildi

Obuna bo‘lish
2017 yil 1-aprelidan boshlab O‘zbekiston 15 mamlakat sayyohlari uchun viza tarbini bekor qilmoqda. Shuningdek, viza tartibi 12 davlatning 55 yoshdan oshgan sayyohlari uchun ham bekor qilinadi

TOShKENT, 6 dek — Sputnik. O‘zbekiston 2017-yilning 1-aprelidan boshlab yangi tartibni joriy etmoqda, unga ko‘ra, dunyoning 15ta mamlakatidan bo‘lgan sayyohlar uchun viza tartibi to‘liq bekor qilinadi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

O‘zbekiston respublikasining yangi prezidenti Shavkat Mirziyoyev Farmoniga muvofiq, viza tartibi bekor qilingan mamlakatlar qatoridan: Avstraliya, Avstriya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Ispaniya, Italiya, Kanada, Lyuksemburg, Niderlandlar, Koreya Respublikasi, Singapur, Finlyandiya, Shveysariya va Yaponiya o‘rin olgan.

Bundan tashqari, viza tartibi:  Belgiya, Indoneziya, XXR (turistlar guruhi tarkibida), Malayziya, AQSh, Fransiya, Vyetnam, Isroil, Polsha, Vengriya, Portugaliya va Chexiya singari 12 davlatning 55 yoshdan oshgan sayyohlari uchun ham bekor qilingan.

Mamlakatga vizasiz kirish tartibi 30 kundan ziyod bo‘lmagan muddatda sayyohlik maqsadida O‘zbekiston Respublikasiga tashrif buyuruvchi chet el fuqarolariga nisbatan qo‘llaniladi.

O‘zbekistonliklar chiqish vizasini bekor qilishga doir petitsiyani imzolashmoqda
Farmonga muvofiq, yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan davlatlar fuqarolari O‘zbekistonga kirishda 50 AQSh dollari miqdorida kirish yig‘imini to‘laydilar. Kirish yig‘imi to‘langanini tasdiqlovchi hujjat mamlakatga kirish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan viza tartibini soddalashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar majmui ishlab chiqilgan. 2018-yildan boshlab vizani elektron tizim orqali qo‘lga kiritish tartibi joriy etilishi rejalashtirilgan.

Mutasaddi davlat tashkilotlariga kelgusi yilning apreligacha bo‘lgan muddatda Toshkent, Samarqand, Buxoro va Urganchdagi xalqaro aeroportlarda respublikaga kelayotgan va undan ketayotgan chet ellik sayyohlar uchun pasport va bojxona nazorati, yuklarni olish va transport xizmati soddalashtirilgan "yashil koridor" bojxona nazorati tizimini joriy etish bo‘yicha zarur choralarni amalga oshirish vazifasi topshirilgan.

Bundan tashqari, Respublikaning aeroport va vokzallarida chet el fuqarolariga qo‘shimcha qulaylik yaratish hamda jarayonlarni tezlashtirish maqsadida rezident va norezidentlar uchun alohida pasport nazoratidan o‘tish tashkil etish rejalashtirilgan.

Yangiliklar lentasi
0